30 Noyabr 2022

O‘zbekiston va Yaponiya hududlararo hamkorlikni rivojlantirmoqda

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Andijon viloyati boshqarmasi rahbariyati viloyat delegatsiyasi tarkibida Yaponiyaning Tokio shahrida xizmat safarida bo‘ldi.

Tashrif davomida Yaponiyaning “Mitsubishi”, “Dell” kabi 50 dan ortiq yetakchi kompaniyalarining vakillari ishtirokida “Andijon viloyatining biznes salohiyati” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon viloyatining sarmoyaviy imkoniyatlari, resurs bazasi taqdim etilib, yapon ishbilarmon doiralari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Safar doirasida vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari hamda Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Shimizu korporatsiyasi bilan “Yangi Andijon”da qurilish loyihalarini, “Ripro” korporatsiyasi bilan sunʼiy tola ishlab chiqarish boʻyicha 10 million dollarlik investitsiya loyihasini, “Kaori International Japan Co LTD” kompaniyasi rahbariyati bilan plastikdan elektr izolyatsiya mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 5 mln dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.