23 Sentyabr 2022

Toshkentda O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 22-sentabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Turkiyaning “MÜSİAD” Mustaqil sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi hamkorligida Radisson Blu mehmonxonasining konferentsiya zalida O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum va ikki tomonlama B2B muzokaralari bo‘lib o‘tdi. 

MÜSİAD 60.000 kompaniyani ifodalovchi tashkilot boʻlib, 12.500 dan ortiq aʼzosi mamlakat ichida va xorijda boʻlib, taxminan 1.800.000 kishini ish bilan taʼminlaydi. Bugungi kunda tashkilot Turkiyada 83 ta aloqa nuqtasi bilan xorijdagi 81 davlatda 164 nuqtada xizmat ko‘rsatmoqda. Bu “Nodavlat notijorat tashkiloti” bo‘lib, o‘z a’zolarining tavsiyalari, fikr va takliflarini davlat organlari va tashkilotlariga yetkazadi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov, MÜSİAD biznes uyushmasi vakili Mahmut Asmali, MÜSİADning O‘zbekistondagi bo‘limi vakili Serdar Kelebek, Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar so‘zga chiqdi. 

Forum doirasida turkiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda investisiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Forumda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 150 ga yaqin tadbirkorlik subyekti ishtirok etdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, O‘zbekiston va Turkiya korxonalari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashish ham muhokama qilindi.

Turkiya tomoni ham o‘zbekistonlik tadbirkorlarni MÜSİAD EXPO 2022 ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.MÜSİAD tomonidan har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ko‘rgazmaga bu yil 124 davlatdan 100 mingdan ortiq tashrif buyuruvchi va delegat tashrif buyurishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 21-sentabr kuni MÜSİADning O‘zbekistondagi filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.