Joriy yilning 24-iyulidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi biznes-missiyasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tashrifni amalga oshirmoqdalar, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Jumladan, joriy yilning 25-iyul kuni delegatsiya Portugaliyaning Alkanena shahrida boʻlib oʻtgan ‘‘Exposcão Tecnológica’’ koʻrgazmasida ishtirok etdi.
Tadbir tashkilotchilari – Charm sanoati texnologik markazi va Portugaliya charmsanoat uyushmasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda savdoni rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston eksport qilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, delegatsiya Portugaliyaning ‘‘CTIC’’, ‘‘Aquitex’’, ‘‘CEPSA’’, ‘‘Alidata’’, ‘‘Mapril ION Exchange’’, ‘‘VentilAQUA’’, ‘‘Desotec’’ va ‘‘José maria & filhos’’ kabi kompaniyalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Charm korxonalarida foydalanilgan suvni tozalash va utilizatsiya qilish bo‘yicha yangi ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini joriy etish bo‘yicha Portugaliya kompaniyalari tajribasidan O‘zbekistonda foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xorijiy tomondan oʻzbekistonda ishlab chiqariluvchi mahsulotlarini Yevropa bozorlarida sotishga qiziqish bildirdi.
27-28-iyul kunlari Italiyada ‘‘Confidustria Toscana Sud’’, ‘‘Vittoria Makina’’, ‘‘Pratica’’, ‘‘Alpe S.P.A’’ va boshqa bir qator kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonning ishlab chiqarish salohiyati taqdim etildi, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, jumladan, nafaqat charm sanoatida, balki boshqa sohalarda ham Italiya brendlari ostida mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Italiya korxonalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston korxonalarida charm chiqindilarini chuqur qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif natijasida Italiyaning Prato shahrida ‘‘Peng Sheng Charm’’ kompaniyasi bilan birgalikda savdo uyi ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hozirda O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada o‘z missiyasini davom ettirmoqda.