31 iyul 2024

Maskatda Ummonning eng yirik kompaniyasi bilan logistika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov Ummonning eng yirik logistika kompaniyasi ‘‘Asyad Group’’ ijrochi direktori Abdurahmon al-Xatmiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Ummonlik tadbirkor O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidlab, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan hamkorlik qilishga, yilning ikkinchi yarmida mamlakatimizga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi.

2016-yilda tashkil etilgan ‘‘Asyad Group’’ Ummondagi yetakchi integratsiyalashgan logistika provayderi bo‘lib, Ummon investitsiya agentligi tomonidan boshqariladi. Kompaniyaning asosiy faoliyati logistika xizmatlarini ko‘rsatishdir. Kompaniya 85 dan ortiq kemalar, jumladan, tankerlar, yuk tashuvchilar va konteyner kemalaridan iborat flotni boshqaradi. Kompaniya turli xil logistika xizmatlarini taklif etadi, jumladan, ekspeditorlik, omborxona va transport. Ummonning barcha yirik portlarida o‘zining konteyner terminallariga ega. ‘‘Asyad Group’’ aktivlari 4 milliard dollarni tashkil qiladi.