01 iyul 2024

Malayziya kompaniyasi bilan O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ‘‘FIVE Petroleum Malaysia’’ kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Qirol Lim Chin Fui bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari va Samarqand viloyatida loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Malayziyalik tadbirkor mamlakatimizda salqin ichimliklar ishlab chiqarish va ular uchun alyuminiy idishlar yetkazib berish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Toshkent shahrida, keyinchalik respublikaning boshqa hududlarida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash loyihasini amalga oshirishni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yig‘ilishda kelgusi oy kompaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

‘‘FIVE Petroleum Malaysia’’ kompaniyasi 2020-yilda tashkil etilgan. Hozirda kompaniya Malayziya bo‘ylab 110 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarini boshqaradi. Shuningdek, kompaniya 400 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ega ‘‘BHPetrol’’ning 60 foiziga egalik qiladi.