09 iyul 2024

Guanchjou shahrida O‘zbekiston va Xitoy hududlaridagi korxonalar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston Bosh konsulligi diplomatlari Tashqi savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi (CCPIT GZ) prezidenti, Guanchjou shahridagi Savdo-sanoat palatasi raisi Yang Yong bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

CCPIT GZ – mahalliy kompaniya va korxonalar faoliyatini qo’llab-quvvatlovchi va ularning manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot. Uning a’zolari – ishlab chiqarish, savdo, moliyaviy, yuridik, texnologik, turizm, aviakompaniyalar va banklar. Faoliyatining asosiy yoʻnalishi aʼzolarning biznes manfaatlarini himoya qilish, oʻzaro tajriba almashish, koʻrgazma va tadbirlar tashkil etishdan iborat.

Uchrashuvda Xitoy tomoniga bugungi kunda O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda, mahalliy korxonalarning investitsiyaviy va eksport salohiyatini oshirishda yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Xitoy tomoni Guanchjoudagi ishlab chiqarish korxonalari o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Tomonlar mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va har ikki tomonning mavjud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, ishlab chiqarish sanoatida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda hamkorlikda yaratilgan mahsulotlarning Markaziy Osiyo, MDH va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlaridan foydalanish muhimligini ta’kidladilar. 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Guanchjou ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.