Joriy yilning 19-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Shohrux Gulamov Tailand Tashqi ishlar vazirligi doimiy kotibi o‘rinbosari Busadi Santipitaks boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.
Delegatsiya tarkibida Tailandning ‘‘Samitivej Hospital’’, ‘‘PTT Oil and Retail’’, ‘‘Thai President Food’’, ‘‘Siang Heng’’, ‘‘Marine Tech International’’, ‘‘CTI Logistics’’ va ‘‘Anita Silk Company’’ kabi yirik kompaniyalari rahbarlari bor edi.
Tailand tomoniga Oʻzbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz rejim taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Ijobiy natijalar ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsish surʼatlarini koʻrsatmoqda – joriy yilning birinchi yarmida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 170%ga oshdi. Yaqin kelajakda qoʻshma investitsiya loyihalari sonini koʻpaytirish va tovar ayirboshlash hajmini $500 mln. yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi, turizm, oziq-ovqat sanoati, toʻqimachilik v elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqish kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.