Joriy yil 7-avgust kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi arafasida “Kichik va o‘rta biznes: iqtisodiy o‘sishning harakatlantiruvchi kuchi” mavzusida O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmonlar kengashining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.
Joriy yilning 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda savdo, transport va logistika, qurilish materiallari va xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish sohalarida 323 ta qo‘shma korxona va 100 foiz Qozog‘iston kapitali ishtirokida 790 ta korxona hamda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1103 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari D.Rasulov, Qozog‘iston tashqi savdo palatasi boshqaruvi raisi M.Karimsakov, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi B.Atamkulov, ikki mamlakat tarmoq idoralari rahbarlari hamda 70 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi serqirra hamkorlikning strategik mohiyatini qayd etib, bu borada ishbilarmon doiralarning faol hamkorligi muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmonlar kengashining o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi, shuningdek kelgusi vazifalar, tashqi savdo va ikki mamlakat korxonalari hamda tashkilotlari tarmoqlararo hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, sanoat, logistika, ayollar tadbirkorligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasiga oid masalalarni muhokama etildi.
Shuningdek, Toshkent xalqaro arbitraj markazi va Qozog‘iston Respublikasi milliy tadbirkorlar palatasining “Atameken” arbitraj markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi nizolarni hal qilish uchun huquqiy asosni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida, Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi savdo uyi va biznes markazini ochish, shuningdek, Toshkentda Qozog‘iston-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasini tashkil etishni nazarda tutuvchi bayon imzolandi.