O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov ‘‘Crossrail International’’ kompaniyasi bosh direktori Pol Dayson bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Yirik infratuzilma loyihalarini loyihalashga ixtisoslashgan ‘‘Crossrail International’’ Buyuk Britaniya Transport departamentining sho‘ba korxonasi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab murakkab temir yo‘l loyihalarini loyihalash va amalga oshirish bo‘yicha mijoz tashkilotlarga strategik maslahatlar beradi.
‘‘Crossrail International’’ kompaniyasi 20 ta davlatda umumiy qiymati 520 milliard dollar bo‘lgan 63ta yirik transport infratuzilmasi loyihasini amalga oshirgan.
Suhbat chog‘ida Britaniya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, investitsiya faolligi uchun yaratilgan qulay muhit, mavjud imtiyoz va preferensiyalar bilan atroflicha tanishtirildi.
Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida, xususan, yirik infratuzilma loyihalarini loyihalashda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan sohalarda hamkorlikni jadallashtirish maqsadida ikki tomonlama uchrashuvlar va tashriflar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.