2024-yilning 5-sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.
Uchrashuvda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganligi alohida taʼkidlandi.
Muloqot davomida istiqbolda ham savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari, ayniqsa, tadbirkor ayollar o‘rtasida doimiy aloqalarni yo‘lga quyish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, bu borada salmoqli ishlar olib borilayotgani eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda barqaror investitsiya muhitini yana-da yaxshilash, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonlari yuzasidan ham fikr almashildi.