20 sentabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Eron Islom Respublikasi Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi raisi bilan uchrashdi

Joriy yilning 19-sentabr kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Eron Islom Respublikasi Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi raisi Samad Gasanzade bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqilib, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo’yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, ikki davlat oʻrtasida imtiyozli savdo rejimiga oid masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar rejalashtirilgan tadbirlarni ko‘rib chiqdilar. Xususan, 2025-yilning birinchi choragida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi 16-yig‘ilishi, shuningdek, qo‘shma biznes-forumni tashkil etish va o‘tkazish masalasi bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ishlab chiqildi.