Joriy yilning 31-oktabr – 2-noyabr kunlari “Jizzax” EIZni boshqarish direksiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini boshqaruvchi idoralar rahbarlarining hududlarda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirishni boshqarish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning malakasini oshirish va EIZ faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat.
Mashg‘ulotlar sanoat zonalarining iqtisodiyotdagi o‘rni, direksiyalarning faoliyatini moliyalashtirish tamoyillari, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini oshirish, xorijiy investorlarga qulay sharoit yaratish, sanoat zonalarida qulay infratuzilma yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish kabi mavzularda o‘tkazildi.
Maxsus iqtisodiy zonalar direksiya rahbarlari biron-bir yangi loyihani tashkil etishda hudud imkoniyatlarini inobatga olishi, bu borada malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda alohida takliflar ishlab chiqishi ta’kidlab o‘tildi. Yangi loyihalarni tashkil etish, loyihalarning samarali ketma-ketligini shakllantirish, hududdagi ixtisoslashuvga e’tibor qaratish, energiya resurslari bilan ta’minlashga oid tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Ishtirokchilar, shuningdek, imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish, sanoat zonalarida investorlar huquqlarini huquqiy himoya qilish va mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida joriy etilgan kreditlar ajratish tizimining xususiyatlari haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Ishlab chiqarish korxonalari va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan bevosita tanishish maqsadida “Jizzax” EIZga tashrif tashkil qilindi.
ISSV tomonidan mamlakatimizning sanoat va maxsus iqtisodiy zonalari direksiyalari xodimlarining kasbiy mahorati va salohiyatini doimiy oshirish maqsadida shu kabi seminar-treninglar muntazam tashkil etib kelinmoqda.