11 dekabr 2025

Lyuksemburg biznes hamjamiyatiga O’zbekistondagi investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi

Bryusseldagi Oʻzbekiston elchixonasi Lyuksemburg Savdo palatasi koʻmagida mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiya salohiyatiga bagʻishlangan mamlakat taqdimotini oʻtkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda Lyuksemburg biznes hamjamiyatining taxminan 50 vakili ishtirok etdi. Tadbirni Lyuksemburg Savdo palatasining xalqaro aloqalar boʻyicha direktori Sindi Tereba ochdi. Dastur doirasida Lyuksemburgning Oʻzbekistondagi elchisi Tomas Reyzen ham soʻzga chiqdi.

Ishtirokchilarga mamlakatdagi mavjud investitsiya muhiti va uni yanada takomillashtirish va liberallashtirish boʻyicha hukumat tomonidan koʻrilayotgan choralar haqida batafsil maʼlumot berildi. Fintech, raqamli hukumat, logistika va Oʻzbekistonda infratuzilma va yashil loyihalarni birgalikda amalga oshirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari bayon qilindi.

Forumda Lyuksemburgning JNSLABS, G-Core Labs va Sonneg kompaniyalari rahbarlari keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar va liberallashtirish jarayonlari boshlanganidan keyin Oʻzbekistonda faoliyat yuritishdagi muvaffaqiyatli tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Tadbir yakunida 2026-yilning ikkinchi yarmida Oʻzbekistonga Lyuksemburg savdo missiyasining tashkil etilishi rasman eʼlon qilindi.