Oʻzbekiston toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari Parisa Home, Ideal va Asakatekstil hamda Germaniyadan kelgan yirik ulgurji xaridorlar oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.
Uchrashuv savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, Germaniya bozoriga Oʻzbekiston eksporti hajmini oshirish va ikki mamlakat biznes vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri biznes aloqalarini oʻrnatish maqsadida tashkil etildi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston tomoni eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar, jumladan, xalqaro sifat standartlari va ekologik talablarga javob beradigan keng turdagi trikotaj buyumlar, tayyor kiyim-kechaklar va boshqa yengil sanoat tovarlarini taqdim etdi. Germaniyalik hamkorlarga Oʻzbekiston korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari, ularning mahsulot turlari, eksport salohiyati va logistika imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, Germaniya ulgurji savdo kompaniyalari vakillari oʻzbek ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirishdi, ularning mahsulotlarining raqobatbardoshligi, Yevropa bozori talablariga muvofiqligi va uzoq muddatli hamkorlikni oʻrnatish istiqbollarini taʼkidladilar. Uchrashuvda narxlar, yetkazib berish shartlari va hamkorlikning mumkin boʻlgan formatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish, aniq tijorat takliflarini ishlab chiqish va keyingi biznes tadbirlarini, jumladan, Oʻzbekiston kompaniyalarining Germaniyadagi xalqaro sanoat koʻrgazmalari va biznes forumlarida ishtirok etishini tashkil etishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.