24 aprel 2026

Samarqand shahrida OTB Boshqaruvchilarining «Taraqqiyot chorrahalari» mavzusidagi 59-Yillik anjumani bo‘lib o‘tadi

2026-yilning 3-6-may kunlari Samarqand shahrida OTB Boshqaruvchilarining «Taraqqiyot chorrahalari» mavzusidagi 59-Yillik anjumani bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Mazkur nufuzli forum 69 mamlakatdan 3 000 dan ziyod delegatni bir davraga jamlaydi. Ishtirokchilar orasida jahon iqtisodiyoti rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi moliya vazirlari, markaziy banklar rahbarlari hamda yirik korporatsiyalarning top-menejerlari bor.

To‘rt kunlik dastur doirasida 70 tadan 90 tagacha turli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Anjumanning asosiy mavzulari «yashil» transformatsiya, raqamlashtirish va investitsiyalarni jalb qilishga qaratiladi. Biznes-forumda esa davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari orqali infratuzilmani rivojlantirish hamda mintaqaning barqaror o‘sishi uchun xususiy kapitalni jalb qilish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Ushbu muhim voqeani 117 nafar akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist, jumladan, 29 davlatdan kelgan 84 nafar xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari yoritib boradi. Bu esa iqlim o‘zgarishi va integratsiya sohasidagi qarorlarning global miqyosda aks-sado berishini ta’minlaydi. Samarqand davlat va biznes o‘rtasidagi strategik muloqot maydoniga aylanadi.

Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishlaridan tashqari, mavzuga oid seminarlar va yoshlar sessiyalari ham tashkil etiladi. Tadbirlarning batafsil jadvali bilan OTB rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.