08 avgust 2026

O‘zbekiston elchisi Belarus Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bilan tovar ayirboshlashni jadallashtirish chora-tadbirlarini muhokama qildi

O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nuriddin Mamajonov Belarus Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Vladimir Orlovskiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida amaldagi sanksiya cheklovlari sharoitida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ikki barobar oshirish va chegaralarda yuklarning ushlanib qolishini qisqartirish maqsadida tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Belarus Hukumati va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasida tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash elektron tizimlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi Bitim qoidalariga muvofiq bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va avtomatlashtirilgan ma’lumot almashinuviga o‘tish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar Belarus bojxona postlarida qo‘shma ishlarni tashkil etish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish masalalarini ham muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining so‘rovlarini ko‘rib chiqish va ijrosini jadallashtirishga kelishib olindi.