11 avgust 2026

O‘zbekiston va Xitoyning Szzyansu provinsiyasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik mustahkamlanmoqda

Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi Bosh konsulxonasi diplomatlari O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Szzyansu provinsiyasining Nankin shahriga tashrif buyurdilar, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tashrif davomida provinsiya rahbariyati, yirik sanoat kompaniyalari vakillari va biznes doiralari bilan bir qator muhim va samarali uchrashuvlar o‘tkazildi.

Jumladan, Szzyansu provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Sin Chansin bilan hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalar, savdo, logistika, sanoat, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Xitoy tomoniga O‘zbekiston hududlarida xitoylik tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, soliq imtiyozlari va preferensiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, Szzyansu provinsiyasi kuchli iqtisodiyot, faol ilmiy-texnik innovatsiyalar va boy madaniy merosga ega.

Sin Chansin Szzyansu provinsiyasi O‘zbekiston hududlari bilan almashinuvlarga katta ahamiyat berishini mamnuniyat bilan qayd etib, hamkorlikni yanada kengaytirish, muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish, iqtisodiy va savdo hamkorligini chuqurlashtirish hamda madaniy almashinuvlarni rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.

Hududlararo hamkorlikning, ayniqsa iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi yangi istiqbolli yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida yaqin vaqt ichida Szzyansu vitse-gubernatori Chjao Yan boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Szzyansu moliya, ta’lim, texnologiyalar va turizm sohalarida yetakchi provinsiyalardan biri hisoblanadi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot bo‘yicha Xitoyda birinchi, umumiy yalpi hududiy mahsulot hajmi bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinni egallaydi (taxminan 2 trillion AQSH dollari). Provinsiya elektron uskunalar, kimyoviy mahsulotlar va to‘qimachilik mahsulotlarining yirik eksportchisi, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiluvchi hududlardan biridir. Bundan tashqari, Szzyansu ilmiy tadqiqotlar va ta’lim sohasida ham yetakchi bo‘lib, unda 168 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi.