O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yohanna Mariya Ogren bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, Finlyandiya kompaniyalarini O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Finlyandiya biznesining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini qayd etib, mavjud hamkorlik mexanizmlaridan, jumladan, Hukumatlararo komissiya va sohaviy biznes-forumlardan yanada faol foydalanishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida aniq qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyorlik tasdiqlandi.