Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasida texnologik metallar, muhim strategik minerallar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda ularni qazib olish va qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Germaniya ishbilarmon doiralari, tegishli kompaniyalar va ekspertlar hamjamiyati vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Texnologik metallar kombinati (TMK) delegatsiyasi ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor strategik va muhim ahamiyatga ega mineral resurslarni o‘zlashtirish, xomashyoni qazib olish va chuqur qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratildi.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov o‘z nutqida mamlakatning boy mineral-xomashyo bazasi va Germaniyaning ilg‘or texnologiyalarini uyg‘unlashtirish muhim xomashyo va strategik minerallar sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
TMK vakillari kombinat faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazdilar. Xususan, ishtirokchilarga xalqaro texnologik va investitsiyaviy hamkorlarni jalb etish, mavjud resurslarni chuqur qayta ishlash hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalar davomida geologik qidiruv va qazib olishdan tortib, xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, barqaror ishlab chiqarish hamda logistika zanjirlarini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida TMK vakillari va nemis tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Muhokama qilingan yo‘nalishlar qatoridan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan, jumladan, molibden va volfram mahsulotlarini Germaniya va Yevropa bozorlariga yetkazib berish, shuningdek, xorijiy kompaniyalarning ishlab chiqarish klasterlaridagi ishtiroki o‘rin oldi.
TMK boshqaruvi raisining global integratsiya masalalari bo‘yicha maxsus vakili Timur Hikmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, nemis hamkorlariga O‘zbekistonda tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan klasterlarda ishtirok etish hamda kelgusida tashkil etiladigan metallar texnoparkining rezidentlariga aylanish taklif qilindi.
“Nemis hamkorlarini, avvalo, muhim strategik minerallar, jumladan, molibden va volfram mahsulotlarini Germaniya bozoriga yetkazib berish masalasi qiziqtirdi”, – dedi u.
“UzTRadeHouse Germany GmbH” rahbari Joni Bakos o‘zbek kompaniyalarining Yevropa bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
“Biz o‘zbek tadbirkorlariga Germaniya biznesi bilan aloqalar o‘rnatish, shuningdek, eksport, logistika va moliyalashtirish masalalarida yordam berishga tayyormiz”, – dedi u. Shuningdek, u ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish uchun O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
“AKA-Ausfuhrkredit-Gesellschaft” rahbari Mark Vengrzig ikki mamlakat o‘rtasidagi moliyaviy hamkorlik borasida to‘plangan tajriba va uni kengaytirish istiqbollarini qayd etdi.
“Endi asosiy vazifa – hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish hamda yangi biznes va investitsiya loyihalarini rivojlantirish orqali ushbu imkoniyatlarni birgalikda amalga oshirish”, – dedi u.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Germaniya kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, texnologik sheriklik, investitsiyalar, muhim strategik minerallar yetkazib berish va O‘zbekistonda ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish masalalarini belgilab oldilar.