Pokistonning “Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd.” qurilish va infratuzilma kompaniyasi Xivada “aqlli” shahar barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amaliy amalga oshirishga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Loyiha O‘zbekistonning Pokistondagi Elchixonasi, Xorazm viloyati hokimligi va “Habib Rafiq Engineering” kompaniyasi o‘rtasidagi uzoq davom etgan muzokaralar natijasida shakllandi.
Tashabbus Xiva hududini kengaytirish va zamonaviy shaharsozlik tamoyillarini hisobga olgan holda yangi shahar hududini tashkil etishni nazarda tutadi.
Loyiha doirasida turar joy majmualari, ijtimoiy va tijorat obyektlari, transport va muhandislik infratuzilmasi, kommunal obyektlar hamda aholi uchun zarur bo‘lgan boshqa inshootlarni bosqichma-bosqich barpo etish rejalashtirilmoqda.
Loyihani ilgari surish maqsadida Elchixona ko‘magida kompaniya delegatsiyasi Xorazm viloyatiga bir necha bor tashrif buyurdi. Tashriflar davomida mutaxassislar taklif etilgan hududlarni o‘rgandilar. Shundan so‘ng viloyat hokimligi va kompaniya investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
“Habib Rafiq Engineering” Pokistonda yirik shaharsozlik va infratuzilma obyektlarini qurish borasida to‘plagan tajribasidan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Loyiha O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning amaliy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi hamda Xivada zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.