Polshadagi O‘zbekiston diplomatlari Lodz voyevodaligiga tashrif buyurib, hudud, Rzg‘uv shahri hamda «Ptak Fashion City» savdo markazi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Asosiy e’tibor Lodz voyevodaligi va O‘zbekistonning to‘qimachilikka ixtisoslashgan hududlari, xususan, Farg‘ona viloyati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoriga eksportini oshirish masalalariga qaratildi.
Uchrashuvlarda Lodz shahrining Yevropa yengil sanoatining markazlaridan biri sifatidagi tarixiy ahamiyati qayd etildi. Yevropada ishchi kuchi va energiya resurslari narxining oshib borayotgani fonida tomonlar hududning Yevropa bozoridagi mavqeini mustahkamlash uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh va sifatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Polsha tomoni bunday yetkazib berishlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish taklifiga alohida qiziqish bildirdi.
Uchrashuvlarning amaliy natijalaridan biri Namangan viloyatining «Saodat Sanoat Servis LLC» korxonasi va Polsha kompaniyalari o‘rtasida Polsha brendi ostida ayollar kiyimlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgani bo‘ldi.
Tomonlar Polsha bozorida faoliyat yuritayotgan «Imir», «Aisha Home», «Bombacio» va «Empire Textile» o‘zbek brendlarining muvaffaqiyatli tajribasini ham qayd etib, ular bilan hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Farg‘ona viloyati tadbirkorlarining 21–24-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan «Warsaw Home Textile 2026» hamda 17–19-noyabr kunlari o‘tkaziladigan «Fast Textile 2026» xalqaro ko‘rgazmalarida keng ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbirlar doirasida ikki mamlakat to‘qimachilik sohasi vakillari ishtirokida yirik qo‘shma biznes-forum o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 11–15-oktabr kunlari «Ptak Fashion City» rahbariyati boshchiligidagi Polsha yengil sanoati vakillaridan iborat yirik delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Polsha delegatsiyasi «Heimtextil Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etadi hamda mahalliy korxonalar bilan yangi investitsiya va eksport loyihalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.