O‘zbekiston biznes delegatsiyasi Belgiya va Lyuksemburgga tashrif buyurib, Yevropa kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda bir qator amaliy kelishuvlarga erishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tashrif doirasida mahalliy va Yevropa biznes vakillari bilan B2B uchrashuvlari o‘tkazildi. Tomonlar investitsiyalar, transport bog‘liqligi, Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish, moliyaviy hamkorlik va raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekistonning Belgiyadagi Elchixonasida Yevropa Komissiyasi va Yevropa investitsiya banki vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda investitsiyaviy hamkorlik, «Global Gateway» tashabbusi, transport infratuzilmasi va xususiy sektor bilan hamkorlik masalalari asosiy mavzular bo‘ldi.
Muzokaralar yakunida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, logistika aloqalarini rivojlantirish, O‘zbekiston mahsulotlarini Belgiya bozoriga yetkazib berish, shuningdek, farmatsevtika sohasida texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.