Joriy yilning 24-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimlari Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Koreya biznes kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdilar, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Tadbirda diplomatik korpus vakillari, Koreya Respublikasining Savdo va investitsiyalarni rivojlantirish agentligi (KOTRA) rahbariyati, shuningdek, YK Law Firm, BNK Capital, East Telecom, Kyungdong Navien, Shinhan Bank, BoMI E&C, LG Electronics, Korea Gas Corporation, Lotte Chemical, Daejong va Dasan DMC kabi yetakchi koreyalik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda joriy yil sentabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning muhim natijalari qayd etilib, tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Vazirlik vakillari O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirayotgan koreyalik kompaniyalar bilan olib borilayotgan ishlar, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari va murojaatlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha ma’lumot taqdim etdilar.
Uchrashuv hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish va mavjud masalalarni muvofiqlashtirish imkonini berdi. Yig‘ilish yakunida qabul qilingan qarorlar qo‘shma ishlarni yanada faollashtirishga qaratildi.