25 yanvar 2023

Polshaning Pronar kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston elchisi Baxrom Bobayev Podlaskie voevodligiga tashrif buyurib, Polshaning yetakchi “Pronar” kompaniyasi boshqaruvi raisi Sergiush Martinyuk bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekiston elchisi ishlab chiqarish jarayonlari, jihozlar va ishlab chiqarilayotgan uskunalar bilan batafsil tanishdi. Muloqot chog‘ida diplomat mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining zamonaviy rivojlanishi va uning salohiyati, ushbu tarmoqni, jumladan, xorijiy investorlar bilan hamkorlikda rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berdi.

Kompaniya rahbari Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich yaratishga sarmoya kiritish rejalarini maʼlum qildi. Bunday qaror mamlakatimizda xomashyoning ko‘p turlari – metall, shisha, plastmassa, kauchuk va boshqalar mavjudligi, mashinasozlik uchun yaxshi ishlab chiqarish bazasi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan talabning yuqoriligi tufayli qabul qilindi.

Yaqin kunlarda ishlab chiqarish bazasini ko‘zdan kechirish, hududlarni tanlash va kirish rejasini tuzish uchun kompaniya mutaxassislari guruhi Toshkentga keladi. Bundan tashqari, investitsiya loyihasini yanada muvaffaqiyatli amalga oshirish va ishlab chiqarish jarayoni, mehnatni tashkil etish va ishlab chiqarishni rejalashtirishning nozik jihatlarini o‘zlashtirish uchun Polsha tomoni Narev shahridagi eng yirik zavodda 10 nafar O’zbekistonlik mutaxassis uchun 3 oydan 6 oygacha bo’lgan muddatga amaliyot o‘tashni tashkil etish niyatida. 

Uchrashuv yakunida Polsha kompaniyasi vakillari 19-20-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi. Polsha tomoni tadbirda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.