24 mart 2023

O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida hamkorlik rivojlanmoqda

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Xitoyning Sichuan provinsiyasi Chendu shahrida O‘zbekistonning investitsion va turizm salohiyatiga bag‘ishlab iqtisodiy forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forumda provinsiyaning investitsion va turizm kompaniyalari, ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, iqtisodiy erkinlik va tadbirkorlikni huquqiy taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, respublikamizning turizm salohiyati va turizm yo‘nalishida Xitoy bilan hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, forum ishtirokchilari eʼtiboriga qadimiy shaharlarimiz, go‘zal maskanlarimiz, betakror madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va anʼanalarimiz to‘g‘risidagi taqdimotlar hamda video roliklar namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan xitoyning “CC7”, «Sichuan Mingyu Group» va «Sichuan Huayi Tea Industry» kabi kompaniyalari vakillari so‘zga chiqib mamlakatimizdagi faoliyati haqida ishtirokchilarga gapirib berdi. Ular bugungi kunda xorijiy O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay-shart sharoitlarni, biznes yuritish uchun katta imkoniyatlar berilayotganini taʼkidlab, mamlakatimizning turizm salohiyatini ham yuqori baholadi.

Forum doirasida, shuningdek, Sichuan provinsiyasining yirik kompaniyalar vakillari bilan “G2B” formatida muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Unda investorlarga O‘zbekistonda yaratilayotgan keng imkoniyatlar va jozibador investitsion muhit to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

O‘z navbatida mazkur kompaniyalar rahbarlari mamlakatimizda investorlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilganini taʼkidlab, O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni boshlashayotganini, ayniqsa joriy yilning mart oyidan Chendu-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilayotgani ular uchun katta xursandchilik bo‘lganini aytib o‘tdi.