“Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi 10 trillion so‘m hajmdagi jamg‘arma tuzildi.
Farmonga ko‘ra, 2020 yilning 1 aprelidan 1 oktyabriga qadar:
yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foiziga kamaytiriladi;
alkogol’ mahsulotlari bilan ulgurji savdo qiluvchi korxonalarning ajratmalari 5 foizdan 3 foizga kamaytiriladi;
alkogol’ mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun umumiy ovqatlanish tashkilotlarining yig‘im miqdori belgilangan miqdordan 25 foizga kamaytiriladi.
Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 apreldan jismoniy shaxslarning xayriya tashkilotlaridan oladigan moddiy mablag‘lari soliqdan ozod etiladi.
2020 yil 1 oktyabrga qadar:
tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilishi to‘xtatib turiladi;
vaqtincha qiyinchilikka uchragan xo‘jalik sub’ektlariga mulk, yer soliqlari va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqqa penya hisoblash to‘xtatiladi, shuningdek soliq qarzdorligi bo‘yicha majburiy undirish choralari ko‘rilmaydi.
Shuningdek, 2021 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida soliq auditi o‘tkazish to‘xtatiladi, jinoyat ishlari doirasidagi va yuridik shaxslarning tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan soliq auditi bundan mustasno.
Tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:
hisobot yili uchun umumiy tovar eksportining 10 foizidan oshmaydigan miqdorda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lgan holda kafolat to‘lovisiz tovarlarni eksport qilishga;
tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorlikni yopish evaziga 2020 yil davomida texnologik uskunalar va xomashyoni import qilish bo‘yicha bir martalik operatsiyalarni amalga oshirishga.