Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi

Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi Qonun (yangi tahriri) Prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ–573-son, 22.10.2019 y.)

Qonunga muvofiq, Markaziy bank valyutani tartibga soluvchi davlat organi hisoblanadi.

Markaziy bank o‘z vakolati doirasida:

norezidentlar tomonidan O‘zbekiston hududida, shuningdek rezidentlar tomonidan O‘zbekiston hududida va uning tashqarisida amal qilinishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;

valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;

valyuta birjalari faoliyatini lisenziyalaydi va tartibga soladi hamda qator boshqa vazifalarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish bo‘yicha operatsiyalarda valyuta kursi chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib, shartnomaviy asosda belgilanadi.

So‘mning chet el valyutasiga nisbatan kursini aniqlashda faqat bozor mexanizmlaridan foydalaniladi.

Qonunga ko‘ra, rezidentlar O‘zbekistondagi yoki respublikadan tashqaridagi banklardagi o‘z hisobvaraqlaridan O‘zbekiston banklaridagi o‘z hisobvaraqlariga chet el valyutasini cheklovlarsiz o‘tkazish huquqiga ega.

O‘zbekiston hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat O‘zbekiston banklari orqali, banklararo valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish faqat O‘zbekiston banklari va Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.