Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga kompensasiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga kompensasiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (660-son, 10.08.2019y.).

Nizomga ko‘ra, mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotni eksport qilishda temir yo‘l transportida tashish bo‘yicha xarajatlarining 50 foizigacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanishi tartibi belgilandi.

Eksportni rag‘batlantirish agentligi manfaatdor sub’ektlarga kompensasiya taqdim etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek, manfaatdor sub’ektlar 2019 yil 1 maydan boshlab eksport qilgan mahsulotlari bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizigacha qismiga kompensasiya olish uchun ariza topshirish huquqiga ega.Hujjatlar to‘liq taqdim etilganda vakolatli organ tomonidan arizalar 7 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.

Moliya vazirligi vakolatli organ buyurtmanomasiga asosan 3 ish kunida davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini vakolatli organga, vakolatli organ esa ushbu mablag‘ni 3 ish kuni mobaynida manfaatdor sub’ektning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib beradi.

Kompensasiya berilgan manfaatdor sub’ektlarning reestri yuritib boriladi.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan manfaatdor sub’ektlarga kompensasiya taqdim etish uchun:

-manfaatdor sub’ekt O‘zbekistonda davlat ro‘yxatiga olingan;

-mahsulotlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan;

-mahsulotlar O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lmagan mamlakatlarga eksport qilingan (tuxum mahsuloti bundan mustasno);

-mahsulot belgilangan tartibda eksportga rasmiylashtirilgan;

-mahsulot uchun kamida 30 foiz to‘lovlar tushgan yoki bank akkreditivi ochilgan;

-eksport shartnomasida mahsulotni yetkazish xarajati manfaatdor sub’ekt zimmasiga yuklangan va ushbu xarajatlar uchun to‘lovlar ushbu sub’ekt tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi zarur.

Kompensasiya olish uchun arizalarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

-eksport yoki vositachilik sharnomasi;

-bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;

-manfaatdor sub’ekt bilan temir yo‘l transportida yuklarni tashish bo‘yicha tuzilgan shartnoma nusxasi;

-manfaatdor sub’ekt tomonidan temir yo‘l tashkilotiga to‘lovni amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

-mahsulot eksport qilingan davlat bojxona organi va yukni qabul qilgan temir yo‘l stansiyasi belgisi qo‘yilgan yukxat nusxasi;

-yuk yuborilgan stansiyadan yukni qabul qilib olgan so‘ngi stansiyagacha bo‘lgan masofa to‘g‘risidagi ma’lumot;

-mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati nusxasi.