O‘zbekiston elchixonasida Latviya tadbirkorlari guruhi ishtirokida “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, investitsiyaviy imkoniyatlar, iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
Latviya tadbirkorlari O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirdi hamda sanoat, energetika, logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, Latviya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekistondan mineral o‘g‘itlar yetkazib berish hajmini oshirishga qiziqishi qayd etildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan amalga oshirish, jumladan, 5–10-oktabr kunlari Latviya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi va Eksportchilar uyushmasi bilan hamkorlikda biznes-forum hamda B2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.