19 Mart 2024

OIIB O‘zbekistonga islohotlar va bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun 670 million dollar ajratadi

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun O‘zbekiston hukumatiga 670 million dollar ajratadi. Bu haqida bank matbuot xizmatiga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Ushbu loyihada qarz oluvchi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bo‘lib, u uchta yo‘nalish bo‘yicha islohotlarni moliyalashtiradi: bozorlarni rivojlantirish, fiskal risklarni boshqarishni takomillashtirish, ijtimoiy inklyuziya va ekologik barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash.

“Loyiha energetika, qishloq xoʻjaligi, temir yoʻl va kimyo sohalarida qator sohaviy islohotlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Islohotlar atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan bozorlarni yaratishga, Oʻzbekistonning fiskal boshqaruvi va xaridlar tizimini takomillashtirishga, shuningdek, iqtisodiy zarbalarga eng zaif boʻlganlar uchun ijtimoiy dasturlarni takomillashtirish orqali ijtimoiy inklyuziya va ekologik barqarorlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan”, — deyiladi xalqaro moliya tashkiloti xabarida.

OIIB investitsion operatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy ijtimoiy himoya tizimlarini konsolidatsiyalashni qo‘llab-quvvatlash va iqlim xatarlarini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni rag‘batlantirish ijtimoiy yordam samaradorligini oshirishi va O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Loyiha COVID-19 inqirozidan xalos bo’lish uchun maxsus fond tomonidan qo’llab-quvvatlanadi va Jahon banki tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi.