Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 275 million dollar miqdorida kredit ajratadi. Bu haqida Spot bank matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
OTB O‘zbekistonga energiya samaradorligi va xizmat ko‘rsatish ishonchliligini oshirish maqsadida elektr energiyasini taqsimlash tizimini modernizatsiya va raqamlashtirishga qaratilgan 200 million dollar miqdoridagi kreditni ma’qulladi.
Loyiha doirasida respublika hududlaridagi 26 ta podstansiyalar raqamli podstansiyalarga, jumladan, dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish tizimiga o‘tkaziladi.
Natijada podstansiyalarning tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalariga ishlash ishonchliligi va chidamliligi oshadi, bu esa mintaqaviy elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini oladi.
Bundan tashqari, OTB Mintaqaviy elektr tarmoqlariga 200 ming AQSh dollari miqdorida texnik yordam granti ajratadi. Ushbu mablag‘lar Mintaqaviy elektr tarmoqlar va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasidagi hamkorlikdagi ta’lim dasturi doirasida talaba qizlarni o‘qitish orqali ayollar va qizlarning energetika sohasida ishtirokini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
FTA, shuningdek, qisman OTB tomonidan boshqariladigan qo’shma moliyalashtirish ko’rinishida 70 million yevro (taxminan 75 million dollar) ajratadi.