11 Dekabr 2023

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistondagi qishloq yo‘llarini yaxshilashga $240 mln ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi qishloq yo‘llarini yaxshilashga yordam beradi, deb xabar beradi Spot, bank matbuot xizmatiga tayanib.

Bank 700 kmlik yo‘llarning transport aloqasini yaxshilash va qishloq taraqqiyotiga ko‘maklashish maqsadida ularni xavfsizroq va iqlim o‘zgarishiga chidamliroq qilish uchun $240 mln miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi.

“Xavfsiz, ishonchli va iqlimga chidamli qishloq yo‘llari orqali qishloq jamoalari va bozorlar hamda xizmatlar o‘rtasidagi aloqani saqlab qolish inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Loyiha doirasida asosiy e’tibor 12ta viloyat va Qoraqalpog‘istondagi mahalliy va xo‘jaliklararo qishloq yo‘llariga qaratiladi. Xususan, qirg‘oqlar, ko‘priklar, suv o‘tkazgichlar va drenaj tizimlarini kuchaytirish orqali transport qatnovi sig‘imi, sifati, aloqa, xavfsizlik va iqlimga chidamliligi oshiriladi.

Natijada qishloq aholi punktlari va fermerlarga bozorlar, maktablar, sog‘liqni saqlash xizmatlari va tuman markazlariga har qanday ob-havo sharoitida borish imkoni yaratilishi qayd etilgan.

“Internetga va geografik axborot tizimiga asoslangan qishloq yo‘llari aktivlarini boshqarish tizimini joriy qilishni qo‘llab-quvvatlaymiz, bu esa yanada samarali xizmat ko‘rsatish va resurslarni taqsimlash imkonini beradi”, — dedi OTBning tranport bo‘yicha katta mutaxassisi Yonkun O.

Loyiha qishloq ayollariga barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishiga chidamli amaliyotlarni o‘rgatish orqali ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bu orqali bozorlarga kirish imkoniyati oshirilib, iqtisodiy imkoniyatlarning yaxshilanishidan foyda olish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirkorlik va tirikchilik ko‘nikmalarini o‘rgatish maqsadida aholi punktlarini rivojlantirish muassasalari modernizatsiya qilinadi. Gender zo‘ravonlik va yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.

Loyiha 2030-yilgacha bo‘lgan Qishloq yo‘llarini rivojlatirish milliy strategiyasi va 2035-yilgacha bo‘lgan Qishloq yo‘llari strategiyasiga muvofiq bo‘lib, hukumatning Qishloq yo‘llarini rivojlantirish dasturini oldinga siljitish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.