Oltoy o‘lkasi poytaxtida O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov bilan Oltoyning yetakchi «Alfit» kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.
Kompaniya 350 dan ortiq turdagi fitomahsulotlar, jumladan kapsulalangan o‘simlik yig‘malari, o‘simlik ekstraktlari, maxsus kosmetik vositalar va qand qo‘shilmagan qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Uchrashuv davomida, ayniqsa, Rossiyaning Oltoy o‘lkasida ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali fitoterapevtik mahsulotlarning O‘zbekiston bozorida mavjud bo‘lishi muhimligi alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar chog‘ida «Alfit» kompaniyasi rahbariyati O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar yaqin vaqt ichida Toshkent shahrida «Alfit» kompaniyasining vakolatxonasini ochish va keyinchalik qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldilar. Hamkorlikning navbatdagi bosqichi kompaniya ishlab chiqarishini «Chirchiq» erkin iqtisodiy zonasi hududida mahalliylashtirishdan iborat bo‘ladi.
Oltoy kompaniyasi rahbariyati ta’kidlaganidek, kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishi O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va rivojlantirish bo‘ladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni «Alfit plyus» kompaniyasi vakilini joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan Oltoy o‘lkasi biznes-missiyasi tarkibiga kiritishni taklif qildi.