20 Mart 2024

Britaniya kompaniyalari O‘zbekiston bilan geologiya sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi vakillari Britaniyaning Vardel Armstrong kompaniyasi direktori Che Osmond bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Xususan, kompaniya va O‘zbekiston Konchilik va geologiya vazirligi hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati o‘rtasida rangli va nodir metallarni qazib olish sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Wardell Armstrong – kon konsalting, muhandislik va loyihalarni modellashtirish xizmatlarini ko’rsatuvchi 186 yoshli kompaniya. Tashkilot Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Markaziy Osiyoning 90 dan ortiq mamlakatlarida rangli va nodir metallarni qazib olish loyihalarida faoliyat yuritadi.

Diplomatlar O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Britaniya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mineral-xom ashyo resurslarini o‘rganish, ishlarni loyihalashtirish, ob’ektlarda qurilish ishlarini muvofiqlashtirish va boshqa sohalarda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha kompaniya rahbariyatining III Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi va ularning Oʻzbekistondagi rasmiy tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.