«Kambag’allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o’zaro manfaatli hamkorlik o’rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to’g’risida»gi Prezident Farmoni (PF–93-son, 12.06.2023 y.) qabul qilindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Farmonga ko’ra, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturda tadbirkorlar “hamkorlik shartnomalari” (3 yilgacha muddatga tuziladi) asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
“Hamkorlik shartnomalari”ni tuzgan tadbirkorlarga Dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi.
Dasturda kamida 2 yil faoliyat ko’rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo’lmagan tadbirkorlar – yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin.
2023–2024-yillarda Dasturni amalga oshirish uchun jami 1 milliard AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Kredit liniyasi mablag’lari hisobidan banklar tomonidan kreditlar Dasturga kiritilgan tadbirkorlarning loyihalarini (moliya sohasini rivojlantirish bo’yicha loyihalar bundan mustasno) amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14 foiz stavkada ro’yxatga muvofiq miqdorlarda ajratiladi (quyida batafsil keltirilgan).
Dastur doirasida tadbirkorlarga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi:
– tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to’lashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdoridan kam bo’lmagan ish haqi to’lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig’i va yer solig’idan imtiyoz beriladi;
– fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to’lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo’lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo’yicha to’langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i respublika byudjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo’llaniladi.
Farmonga ko’ra shuningdek, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi tajriba tariqasida ishga tushiriladi (birinchi bosqichda 2023/2024-o’quv yilida Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat institutining 3–4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi).