27 Aprel 2024

O‘zbekistonda 2025-yildan bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi. Bu prezidentning yangi qabul qilingan “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri, Adliya vazirligiga tayanib.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan:

  • internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
  • lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.

Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.

2025-yil 1-yanvardan 5 yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi:

  1. lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar shu faoliyatidan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi;
  2. jismoniy shaxslarning agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Lotereya va internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

ILMAning tushuntirish berishicha, farmonda nazarda tutilgan choralar, birinchi navbatda, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish, shuningdek, mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan.

Xususan, farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar milliy provayderlarning tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini tashkil etish va ular faoliyatini monitoring qilish, o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan shaxslarni va ayrim toifadagi fuqarolarni o‘yinlarda qatnashishdan himoya qilish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Agentlik ushbu choralar natijasida internetda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratilishini kutmoqda.

“Qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurashning samarali mexanizmlarini joriy etadi, shuningdek, davlat budjetiga turli ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha daromad manbalarini ta’minlaydi”, — deyiladi xabarda.

Prezident farmonida bu faoliyatni amalga oshirishda taqiqlar borligi va huquqiy tartibning yo‘qligi sabab fuqarolar xorijiy va noqonuniy servislardan faol foydalanayotgani ta’kidlanadi.

“Mazkur holat o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan fuqarolarning o‘yinlarda ishtirok etishini cheklash mexanizmlari mavjud emasligiga, o‘yin ishtirokchilariga nisbatan firibgarlik va ularning huquqlarini poymol qilish xavfiga, chet el valyutasining mamlakatdan chiqib ketishiga olib kelmoqda”, — deya qayd etiladi hujjatda.