Mamlakatimiz Bosh konsulligida Guandun provinsiyasi Xalq Assambleyasi Tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Van Tyanlyan boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda Xitoy tomoniga O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy sohada yaratilgan imkoniyatlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investitsiyalarni jalb etish va mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini oshirish borasidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
Mamlakatimiz imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida xitoylik ishbilarmonlardan iborat delegatsiya O‘zbekistonga taklif etildi.
Xitoy tomoni Guandun provinsiyasidagi ishlab chiqarish korxonalari O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz Buyuk Ipak yo‘lida chuqur hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani, bugungi kunda bundan keyingi amaliy natijalarga erishish zarurligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, Qo‘mita ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga doimo ko‘maklashishga tayyor.
Uchrashuvda tomonlar hududlararo hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tegishli muzokaralar olib borish maqsadida viloyat delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.