28 may 2026

Oʻzbekistonlik diplomatlar va BAAning eng yirik tijorat banki rahbariyati hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston elchixonasi diplomatlari BAAdagi eng yirik tijorat banki boʻlgan ‘‘First Abu Dhabi Bank’’ rahbariyati bilan bank va moliya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun uchrashdilar, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Abu-Dabida joylashgan ‘‘First Abu Dhabi Bank’’ Yaqin Sharqdagi eng yirik tijorat bankidir. U 2017-yilda ‘‘National Bank of Abu Dhabi’’ va ‘‘First Gulf Bank’’ning birlashishi orqali tashkil etilgan. 2025-yil holatiga koʻra, bankning sof foydasi 4,4 milliard dollarni, aktivlari esa 330 milliard dollarni tashkil etdi. Bank Amerika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada faoliyat yuritadi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston tomoni mamlakatda bank va moliya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, banklarni xususiylashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xizmatlar sifatini oshirish va moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonda yashil iqtisodiyot loyihalari uchun imtiyozli kreditlarni rivojlantirish, mamlakat tijorat banklarida islom moliyasini joriy etish uchun ‘‘First Abu Dhabi Bank’’ mutaxassislarini jalb qilish va beshta bank vakilining 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi boʻyicha kelishuvlarga erishildi.