01 iyun 2026

Kichik biznes subyektlari uchun soliq rejimi yanada qulaylashtiriladi

“Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–100-son, 26.05.2026-y.) qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor BHMning 12 ming baravari etib belgilandi.

2026-yil 1-iyundan:

  • mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan:
    – alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;
    – alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi;
  • umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun:
    – ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini to‘lash tartibi joriy etiladi;
    – to‘langan QQSning bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan:

  • alkogol mahsulotlarini chakana sotish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi BHMning 10 foizi miqdorida belgilanadi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlarga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;
  • kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini 2 barobarga oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.

2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga ixtiyoriy ravishda QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.

QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida:

  • QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;
  • foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
  • sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.

Farmonga ko‘ra, QQS to‘lovchisi guvohnomasi faqat ushbu soliq to‘lovchilar hisobini yuritish maqsadida beriladi va ta’sir choralarini belgilashga asos bo‘lib hisoblanmaydi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

  • QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi;
  • O‘zbekistonning bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, YATTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda QQS to‘lovchisi deb e’tirof etish.

2027-yil 1-yanvardan soliq xavfi darajasi past bo‘lgan hollarda QQSning salbiy farq summasini qaytarishda (qoplashda) inson omili ishtirokidagi joriy amaliyotdan voz kechiladi.

2028-yil 1-yanvarga qadar kichik biznes subyektlariga soliq organlarining “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” dasturi orqali aniqlanadigan soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini mustaqil tuzatish imkoni berilib, quyidagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi:

  • soliq xavfi summasi 500 mln so‘mgacha bo‘lganda – soliq auditi;
  • soliq xavfi summasi 100 mln so‘mgacha bo‘lganda – sayyor soliq tekshiruvi.