Joriy yilning 23-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Shveytsariya kunlarining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati. “Shveytsariya: Sifat. Innovatsiya. Ishonchlilik” umumiy shior ostida o‘tkazilayotgan usbu tadbir O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniyat, san’at va ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, Toshkentda 30 dan ortiq Shveytsariya kompaniyalari ishtirokida uchinchi marotaba tashkil qilinmoqda.
Laziz Kudratov yig‘ilganlarga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, O‘zbekiston bilan Shveysariya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
So‘nggi besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 2023-yilda 341 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda 100 dan ortiq Shveytsariya kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. 2023-yil yakuniga ko‘ra, o‘zlashtirilgan Shveytsariya investitsiyalari hajmi 1,4 milliard dollarni tashkil etdi. Shveytsariya kompaniyalari bilan farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qurilish, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi yo‘nalishlarda investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shveysariya kompaniyalariga yashil texnologiyalar, qayta tiklanadigan energiya manbalari, sog’liqni saqlash, ta’lim, ilg’or moliyaviy texnologiyalarni joriy etish, resurslarni barqaror boshqarish va innovatsiyalar sohasida o’zaro savdo, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish shuningdek, farmatsevtika sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli imkoniyatlar taqdim etildi.
Vazirlik Shveysariya kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatiga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun: Shveysariya kunlari Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, Shveysariya innovatsiyalari, ishonchliligi va sifatini namoyish etish orqali iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirlar interaktiv sessiyalar, tematik ko’rgazmalar va uchrashuvlarni o’z ichiga oladi. Master-klasslar ham hukumat vakillari, ham biznes hamjamiyatiga qaratilgan.