O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Malayziyaning «Amtel Holdings Bhd» kompaniyasi ijrochi direktori Lim Xun Teyk bilan muzokaralar o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv avvalida Malayziya tomoni kompaniya ishlab chiqaradigan avtomobil kameralari, navigatsiya tizimlari va elektromobillarni quvvatlash stansiyalari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.
Malayziya tomoniga O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, shu jumladan “O‘zAvtosanoat” AJ va uning tarkibidagi korxonalar, ishlab chiqariladigan avtomobillar turlari va hajmlari, davlatimizda elektromobillarni ishlab chiqarish imkoniyatlari va avtomobilsozlik sohasida investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir davomida xorij tomoni bilan mamlakatimizda avtomobilsozlik sohasida ehtiyot qismlar va avtomobil aksessuarlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari va elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmoqlarini qurish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida «Amtel Holdings Bhd» kompaniyasi vakillarining 27-28 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan II Toshkent xalqaro investitsiya forumiga ishtirok etish maqsadida mamlakatimizga amaliy safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Safar davomida Malayziya tomoni “O‘zavtosanoat” AJ va uning tarkibidagi korxonalar rahbariyati bilan avtomobilsozlik sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.