Joriy yilning 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Elsewedy Electric” (Misr) kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati. Unda kompaniya tomonidan mamlakatimiz energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va innovatsion ishlanmalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida kompaniya rahbariyati O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, buning natijasida investitsiyaviy muhit yaxshilanib, investorlarning mamlakatimizga ishonchi ortib borayotgani, jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi ko‘payayotgani yuqori baholadi.
Yig‘ilishda kompaniya energetika sohasida dunyoning 19 ta davlatida amalga oshirilayotgan, xususan, yirik energetika ob’ektlarini qurish, yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini o‘tkazish, «yashil energiya» obyektlarini yaratish va aqlli shaharlarni rivojlantirishga oid innovatsion loyihalarni taqdim etdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar va Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish doirasida kelgusida birgalikda ish olib borish formatini kelishib oldilar.