09 Fevral 2023

Misr kompaniyasi O‘zbekistonda transformator ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga qiziqish bildirmoqda

Mamlakatimiz elchisi Mansurbek Qilichev Misrning «El Sewedy Electric» kompaniyasi prezidenti Ahmad al-Suvaydiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida «El Sewedy Electric» kompaniyasining O‘zbekistonda amalga oshrilayotgan yirik loyihalarga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qulay investitsiyaviy muhit, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan  imkoniyatlar va ularga taqdim etilayotgan preferensiyalar haqida so‘zlab berdi.

«El Sewedy Electric» prezidenti Markaziy Osiyo bozoriga kirish kompaniyaning yaqin istiqboldagi bosh maqsadlaridan biri sifatida belgilanganini maʼlum qildi. «Bunda O‘zbekiston mintaqadagi asosiy yo‘nalish sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonda elektr energiyasi, transformatorlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etishdan manfaatdormiz», dedi Ahmad al-Suvaydiy.

Ushbu masalalarni muhokama qilish uchun kompaniya delegatsiyasi Toshkentga safar qilib, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashni rejalashtirgani maʼlum qilindi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda «El Sewedy Electric» kompaniyasining qariyb 20 ta davlatda 30 dan ortiq korxonalari mavjud. Ularda 17 ming nafar xodim ishlamoqda.