21 oktabr 2026

Misr kompaniyalari O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi loyihalariga qiziqish bildirmoqda

Misrning oltita kompaniyasi vakillari O‘zbekiston diplomatlari bilan qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, sug‘orish va yangi yerlarni o‘zlashtirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda “Famot”, “Delta”, “Modern Farming”, “SOBEK”, “Fruits” va “Pureland” kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Misr tomoni aylanma sug‘orish tizimlarini (pivotlarni) joriy etish, chorvachilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini yaratish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, keyinchalik ularning eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.

Kompaniyalar, shuningdek, O‘zbekiston hududlarida yangi yerlarni o‘zlashtirish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish va aniq loyihalarni ishlab chiqish maqsadida yaqin vaqt ichida misrlik mutaxassislarning O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.