10 oktabr 2024

Amirlik kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi

O‘zbekiston elchisi Abdulaziz Oqqulov Amirlikning ‘‘OneRoad Group’’ kompaniyasi bosh direktori Chenling Chjan bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda diplomat O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi, uning sarmoyaviy va iqtisodiy salohiyati, investorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, 2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Amirlik tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va keng ko‘lamli islohotlarni olqishlashini ta’kidladi. Mamlakatimiz bozoriga kirib borish, istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qiziqish bildirildi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida mazkur kompaniya vakillari va O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish rejalarini muhokama qilish uchun uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Amirlik kompaniyasi, shuningdek, 13-16-oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ‘‘O‘zbekiston – BAA’’ biznes-forumida ishtirok etishga taklif qilindi.