06 Noyabr 2023

Orano O‘zbekistonda uran qazib chiqarishga $500 mlngacha investitsiya kiritadi

Fransiyaning “Orano” kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib olish va qayta ishlashga $500 mlngacha investitsiya kiritadi. Bu haqida, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomovning Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumidagi xabariga tayanib, Spot ma’lum qildi.

Vazir mamlakat “Orano” bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolaganini qayd etdi. Fransiya kompaniyasi hozirda geologiya-qidiruv ishlarini olib bormoqda, joriy yil oxirigacha loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.

“Strategik kelishuvda [Navoiy viloyatining Tomdi tumanidagi] ikkita qo‘shimcha maydonda bo‘lishi ko‘rsatilgan, ularda [Orano] geologik qidiruv ishlarini olib boradi. Barchasi, albatta, texnik-iqtisodiy asoslash hal qilinadi, hozircha hammasi ijobiy ketmoqda. Umumiy sarmoyaning jami hajmi shartnomada $500 mlngacha qilib belgilangan”, — dedi Islomov.

Vazirning qayd etishicha, uran ishlab chiqarishning mavjud hajmlari allaqachon savdo bozorlarini topgan. Yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish hajmi oshishiga bilan O‘zbekiston narxlar konyunkturasidan kelib chiqib eksport qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, deya qo‘shimcha qildi u.

“Uran bo‘yicha kim bilan ishlashishimizdan qat’iy nazar, biz jahon narxlariga asoslanganmiz. Agar narx ko‘tarilsa, bizda hamma narsa formulalarga bog‘liq va yetkazib berish narximiz ham ko‘tariladi”, — deya xulosa qildi vazir.

Shuningdek, Islomov joriy yilda barcha yo‘nalishlarda uran eksporti oshganini ma’lum qilib, yetkazib berishni diversifikatsiya qilish muhimligini ta’kidladi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatga tashrifi doirasida “Orano” O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib chiqarish sohasida yangi loyihalarni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgandi.