28–29-sentabr kunlari Doha shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Boshqaruvchilar kengashining 11-yillik yig‘ilishi doirasida Bank rahbariyati, Qatar hukumati, moliya va ishbilarmon doiralari vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
OIIB bilan muzokaralarning muhim natijasi 5 mlrd dollarlik yangilangan Hamkorlik dasturining imzolanishi, shuningdek, qiymati 300 mln dollar bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasini tayyorlash uchun grant bitimining imzolanishi bo‘ldi. Shuningdek, Bankning Toshkentdagi ofisini ochish va istiqbolli infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qatar tomoni bilan uchrashuvlarda O‘zbekiston mahsulotlari eksportini kengaytirish hamda Qatar savdo tarmoqlarida shourumlar ochish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchi Qatar kompaniyalari bilan muzokaralar davomida sanoat, logistika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va moliya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.