O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Turkiston shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi doirasida bugun Qozog‘iston Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuqori ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanib borayotgani, o‘z navbatida, aloqalarning faollashuvi mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarini yana-da kengaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muloqotda parlamentlararo hamkorlikning istiqbollari, xususan o‘zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotgan hozirgi sharoitda parlamentlararo hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish muhim ekanini, parlament aʼzolari davlatlarimiz rahbarlari tomonidan belgilangan maqsadlar ijrosi ustidan parlament nazoratini taʼminlash uchun barcha saʼy-harakatlarni ishga solishi lozimligini taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil ekani, parlamentlar madaniy almashinuvlarni, xususan, fan, taʼlim, turizm, sport va boshqa sohalarda qo‘shma faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda faol bo‘lishi lozimligini qayd etdi.
Qozog‘iston Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev Markaziy Osiyo davlatlari forumining mintaqaviy ahamiyatiga to‘xtalib, mazkur formatdagi maydonni tashkil etish tashabbuskori aynan O‘zbekiston bo‘lganligini alohida taʼkidladi. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli konstruktiv hamkorlik mazkur platformada yana-da yangi bosqichga ko‘tarilishi va ikki davlat o‘rtasida yuqori darajada kelishilgan turli sohalardagi aloqalar yana-da samarali olib borilishiga zamin bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Muloqot chog‘ida shuningdek, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yana-da kuchaytirish maqsadida parlamentlarning imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar yuzasidan muntazam ravishda muloqot va fikr almashishni davom ettirishga kelishib olindi.