18 sentabr 2024

Farg‘ona viloyati hokimi ‘‘Jianhua Ceramics’’ kompaniyasi rahbari boshchiligidagi xitoylik investorlarni qabul qildi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Jianxua Ceramics” kompaniyasi rahbari Vu Xon Tsyan boshchiligidagi xitoylik investorlarni qabul qildi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Yig‘ilishda “Qo‘qon” maxsus iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilayotgan keramika mahsulotlari va kafel ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasining borishi muhokama qilindi. Ushbu loyihaga xitoylik investorlar tomonidan 50 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritilib, shu kungacha 40 million dollarlik ishlar bajarildi.

Vu Xon Tsyan ushbu loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirib, ishlab chiqarish uskunalari hozirda Xitoydan keltirilayotgani va mutaxassislar tomonidan o‘rnatilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, hokimdan xomashyo yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda yordam berishni so‘radi.

Hokim bu masala tegishli vazirlik bilan birgalikda hal etilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga sarmoya kiritishdan manfaatdor bo‘lgan yirik xitoylik tadbirkorlarning tashrifini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.