29 May 2023

Hindiston va O‘zbekiston zargarlik sanoati sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Xamidov Butun Hindiston Milliy qimmatbaho toshlar kengashi va Siroya Jewelers kompaniyasi rahbari Rajesh Jayn bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati. 

Suhbat davomida “Siroya Jewellers” va mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Hindiston kompaniyasi mahsulotlarini O‘zbekistondagi chakana savdo do‘konlariga yetkazib berish va sotishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. 

Rajesh Jayn O‘zbekistonda zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihaga investitsiyalar kiritish niyatini bildirdi.

Suhbat chog‘ida Hindiston va xalqaro tajriba asosida zargarlik buyumlari dizayni yo‘nalishida kadrlar tayyorlash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. 

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlik istiqbollarini o‘rganishni davom ettirish va soha salohiyatidan ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash uchun to‘liq foydalanishga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: Siroya Jewelers – 1950-yillar boshida Mumbayda tashkil etilgan hind kompaniyasi.